Bugungi kunda professor-o‘qituvchilar uchun sun’iy intellektdan samarali foydalanish — nafaqat zamon talabi, balki ta’lim sifatini oshirish, ish jarayonlarini yengillashtirish va vaqtni tejashning muhim omiliga aylanmoqda. Baholash, tekshirish, fikr-mulohaza berish, darslarni rejalashtirish kabi ko‘plab jarayonlar AI yordamida yanada tez, qulay va samarali tashkil etilishi mumkin. Eng muhimi — undan to‘g‘ri va maqsadli foydalanishni bilishdir.
Shu maqsadda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Xalqaro fakulteti hamda “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi boshchiligida “Process and Product: Assessment in the Age of AI” mavzusida xalqaro mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsida Buyuk Britaniyadan taklif etilgan xalqaro ekspert — Marie Harbon-Gruchelska spiker sifatida ishtirok etib, ta’limda sun’iy intellektdan foydalanishning zamonaviy yondashuvlari, imkoniyatlari va amaliyotdagi samarali modellari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida quyidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi:
-
AI yordamida baholash va samarali feedback berish usullari;
-
o‘qitish va bilimni tekshirish jarayonlarini optimallashtirish;
-
vaqtni tejagan holda ta’lim sifatini saqlab qolish;
-
zamonaviy universitetlarda sun’iy intellektni joriy etish tajribalari.
Ushbu mahorat darsi ishtirokchilarga sun’iy intellektdan pedagogik faoliyatda oqilona foydalanish, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha muhim amaliy bilimlar berdi.




